O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisida Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev ma’ruza qildi.

Senat raisi nogironlikni belgilash borasidagi kamchiliklar haqida fikr bildirdi.

«Senatga fuqarolardan kelib tushayotgan ko‘plab murojaatlarni e’tiborga olib, yana bir muammo — nogironlikni belgilash borasidagi kamchiliklar sabablarini dastlabki tarzda o‘rganib chiqdik.

Ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan 608 mingdan ziyod shaxslar istiqomat qiladi. Ularga zarur tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi tashkil etilgan, Davlat byudjetidan salmoqli mablag‘lar yo‘naltirilmoqda.

Biroq, nogironlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, nogironlikni belgilashda qator qiyinchiliklar va sun’iy to‘siqlar yuzaga kelmoqda. Xususan, normativ — huquqiy hujjatlardagi tafovutlar hamda tashkiliy ishlardagi xatoliklar tufayli nogironning anatomik va fiziologik nuqsonlari aniq ko‘rinibturganiga qaramasdan, ular qator tibbiy ko‘riklardanqayta-qayta o‘tmoqda, mutaxassislarning eshigi oldida asossiz ravishda qo‘shtirnoq ichida «muruvvat» kutmoqda.

Bundan tashqari, tegishli qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan qo‘shimcha hujjatlar nogironlardan asossiz talab etilmoqda. Mehnat daftarchasidan ko‘chirma, fuqarolar yig‘inidan ma’lumotnoma, nikoh guvohnomasi, ishdan bo‘shaganlik to‘g‘risidagi hujjatlar shular jumlasidandir.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: tabiatan shundoq ham ko‘ngli yariminsonlarni sarson qilish kimga va nima uchun kerak? Yillar davomida amalda bo‘lgan talab va me’yorlarni zamonga mos tarzda takomillashtirish bo‘yicha aniq choralar nega shu paytgacha ko‘rilmayapti?

Byudjet mablag‘larini maqsadli sarflashni iddao qilayotgan mutasaddilarning talablari faqat nogironlarga qaratilganmi? Bu borada hukumat chuqur tahlillar o‘tkazib, muammolarni bartaraf qilish choralarini ko‘rishiga umid qilamiz", — dedi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.