30 aprel kuni 21:25 da Qashqadaryo viloyatida «Toshguzar-Boysun-Qumqurg‘on» temir yo‘lining 103-kilometrida №081 «Sariosiyo-Toshkent» yo‘lovchi poyezdi o‘tayotgan vaqtda ko‘chki sodir bo‘ldi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasining Axborot-tahlil mediamarkazidan «Gazeta.uz"ga xabar qilinishicha, hodisa «Oqrabot» stansiyasidan 8 kilometr masofadagi «Oqrabot-Chashmaihofizon» uchastkasida sodir bo‘ldi.

Poyezd harakati yo‘nalishida o‘ng tomonda tuproqning ko‘chishi uchta vagonning harakatini cheklab qo‘ydi. Poyezd brigadasining tezkor harakatlari natijasida yo‘lovchilar boshqa vagonlarga o‘tqazilgan va harakatni davom ettirgan. Yo‘lovchilardan hech kim jarohat olmagan. Shaxsiy buyumlar va hujjatlar keyinroq o‘z egalariga topshirilgan.

22:10 da barcha yo‘lovchilar «Dehqonobod» stansiyasiga muvaffaqiyatli yetib borgan. Hodisa joyida esa to‘liq texnik ko‘rik amalga oshirildi. Yo‘lovchilarni joylashtirish uchun ikkita vagon qo‘shilgandan so‘ng poyezd belgilangan manzilga yo‘l oldi.

Ayni vaqtda temir yo‘l harakati tiklangan, yuk va yo‘lovchi poyezdlari harakati shtat rejimida amalga oshirilmoqda. Ko‘chki sodir bo‘lgan yer «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi mutaxassislari nazorati ostida.

Ertalab Daryo internet-nashri e’lon qilgan fotosuratda yiqilgan holatdagi yo‘lovchi poyezdi aks ettirilgan edi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» fotosurat ta’mirlash-tiklash ishlari vaqtida olinganini qayd etdi.

Aprel boshida surunkali yog‘ingarchiliklar natijasida «Oqrabot-Dehqonobod» uchastkasida yuk poyezdi ostida ko‘chki sodir bo‘lgan edi. Jabrlanganlar bo‘lmadi, yo‘l shu kunning o‘zida qayta tiklandi.