23−26 aprel kunlari Tojikistonning «Faxrabad» poligonida O‘zbekiston hamda Tojikiston respublikalari mudofaa idoralarining razvedka bo‘linmalari harbiy xizmatchilari ishtirokida qo‘shma trening o‘tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur tadbir davomida ikki mamlakat harbiy xizmatchilari o‘zaro tajriba almashdi, hozirgi kunda Markaziy Osiyo davlatlari uchun muhim masalalardan biri bo‘lib kelayotgan terrorizm xavfini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlarining turli variantlari amalda sinab ko‘rildi.

Harbiy razvedkachilar tomonidan bajariladigan vazifalari, shuningdek, zamonaviy mojarolarda terrorchilik harakatlarining faoliyati hamda ularning hujum qilish uslublari inobatga olingan holda hamkorlikdagi mashg‘ulotlar tungi vaqtda ham o‘tkazildi.

Ikkala mamlakat ofitser va serjantlari bir necha kun davomida tog‘ tayyorgarligi, muhandislik ishi, dala sharoitida birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatish, shuningdek, harbiy razvedkada foyda beradigan boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nimlarini mustahkamlab oldilar.

Ayniqsa, turli landshaftga ega mahalliy hudud va o‘quv mahalliy punktida o‘tkazilgan maxsus taktik tayyorgarliklar tomonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Noqulay ob-havo sharoiti, butun mashg‘ulotlar davomida kuzatilgan yog‘ingarchilik ham O‘zbekiston va Tojikiston harbiy mutaxassislarining hamkorlikdagi harakatlariga ta’sir qila olmadi. Treninglarda razvedkachilarning jangovar qobiliyatlari o‘z tasdig‘ini topdi.

O‘tkazilgan mashg‘ulotlar O‘zbekiston-Tojikiston davlatlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini, mudofaa vazirliklari o‘rtasida ochiq va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan o‘zaro xohish-istaklarning ochiq dalilidir.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning sentyabr oyida Tojikiston hududida ilk bor «Jangovar hamdo‘stlik — 2018» O‘zbekiston-Tojikiston maxsus bo‘linmalari o‘rtasida qo‘shma mashg‘ulot o‘tkazilgan edi.