29 aprel kuni 2:00 da Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumani hududida Buxorodan kelayotgan Mercedes-Benz rusumli avtobus (davlat rahqami 11 366 SVA) ag‘darilib ketdi.

O‘zbekiston FVV matbuot xizmatining xabar qilishicha, hodisaga shinaning yorilib ketishi sabab bo‘lgan. Ag‘darilganidan so‘ng avtobusda yong‘in boshlangan.

Salonda 53 kishi, jumladan 3 nafar haydovchi bo‘lgan. Yo‘lovchilar orasida Parkent tumanidagi 31- umumta’lim maktabining 37 o‘quvchisi, 3 pedagog va 10 nafar ota-ona bo‘lgan.

Barcha yo‘lovchilar tezkorlik bilan evakuatsiya qilingan. Jabrlanganlarga hodisa joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Yetti kishi turli darajada tan jarohati oldi, ularning ikki nafari O‘rtachirchiq tuman shifoxonasiga, besh nafari Respublika shoshilinch yordam ilmiy markaziga joylashtirildi.