Toshkentning Yakkasaroy tumani Seulning Sondongu munitsipal okrugi bilan iqtisodiyot, madaniyat, turizm kabi qator yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshiradi. Shu maqsadda Yakkasaroy tumani hokimi Baxtiyor Shomurodov va Sondongu munitsipal okrugi hokimi Chong Von Olar o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Shu bilan birga tuman hokimining o‘rinbosarin Nurilla Abdurahmonov va Koreya Respublikasining P&IB Co., Ltd kompaniyasi bosh direktori Kang In Gyu tomonidan ham memorandum imzolangan bo‘lib, unga ko‘ra, tumandagi barcha sohalar faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini yanada keng joriy qilish chora-tadbirlari amalga oshiriladi.

Ushbu yuqori martabali mehmonlar ishtirokida tuman hokimligida tashkil etilgan tadbirda, respublikadagi boshqa hokimliklar orasida birinchi bo‘lib Yakkasaroy tuman hokimligida MC ISO 9001:2015 xalqaro standarti tatbiq etilganligi ma’lum qilindi va tuman hokimligiga buni tasdiqlovchi xalqaro setifikat topshirildi.