Juma kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkentning Mirobod tumanlararo sudida Amir Temur ko‘chasidagi 45-uyda yashovchi aholini ko‘chirish to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish davom ettirildi. 1927 yilda temiryo‘lchilar uchun qurilgan va Mingo‘rik qadimiy shaharchasi yaqinida joylashgan uyni hududni obodonlashtirish doirasida buzish rejalashtirilgan edi.

Sud Odilbek Hazratqulov raisligi ostida bo‘lib o‘tmoqda. Birinchi sud majlisi 19 aprel kuni bo‘lib o‘tgan. Unda Me’mor Mexanizatsiya Qurilish (MMQ) quruvchi kompaniyasi ikki fuqaro — Vladislav va Olga Zamanovlarning ko‘chmas mulkka egalik huquqini to‘xtatishni so‘rab sudga murojaat qilgan.

45-uy. Foto: «Gazeta.uz»

Majlisda Vladislav Zamonov Qurilish, geoinformatika va shaharsozlik kadastri davlat loyihaviy ITIning arxiv hujjatlariga ko‘ra, 45-uyning ostida 8 metr chuqurlikda minaral linza va yer osti suvlari borligi yer osti avtoturargohi qurilishiga imkon bermasligini ta’kidlab o‘tdi.

Sud majlisida ishtirok etgan Madaniyat vazirligi Madaniy yodgorliklar departamenti kadastr xizmati boshlig‘i Shermatjon Sherimbetov bino arxitekturasining o‘ziga xosligi va yoshi asosida 45-uyning tarixiy ahamiyati aniqlanganini ma’lum qildi. Xulosalarga ko‘ra, 45-uy 2019 yil 15 martdagi bayonnomaga ko‘ra, muhofaza qilinuvchi ob’ektlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Foto: Amaliya Arslanova-Ibragimova.

Keyingi sud majlisi 14 may kuni bo‘lib o‘tadi. Vladislav va Olga Zamanovlar ishini birlashtirishga qaror qilindi.