Jahon banki prognozlariga ko‘ra, 2019-yilda neft xom ashyosining o‘rtacha narxi bir barrel uchun 66 dollar, 2020-yilda esa 65 dollarni tashkil etadi. Bu oktyabrdagi prognozlarga nisbatan pastroq demakdir. JB matbuot relizida qayd etilishicha, narxlarning tushishiga ayni vaqtda jahon iqtisodiyotidagi o‘sish istiqbollari kutilgandan pastroq bo‘lishi taxmin qilinayotgani hamda AQSHda neft qazib olish hajmining o‘sgani o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.

Aprelda xalqaro moliya instituti e’lon qilgan “Tovar-xom ashyo bozorlari istiqbollari” hisootida 2018-yilning ikkinchi yarmida metall narxlarining keskin tushib ketishi 2019-yilda ularning qayta tiklanishi bilan o‘rin almashadi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxlari, prognozlarga ko‘ra, joriy yilda 2,6 foizga pasayadi, biroq 2020-yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi pasayishi hamda energiya va o‘g‘itlar narxlarining o‘sishi yana o‘sishni keltirib chiqaradi. Savdo munosabatlaridagi keskinliklar esa narxlarning tushishiga olib kelishi mumkin, biroq elektr energiyasi xarajatlari yuqoriligi bois narxlar kutilgandan ko‘proqqa o‘sishi ham ehtimoldan yiroq emas.

2018-yil so‘ngida neft narxi keskin tushib ketishi ortidan joriy yil boshidan buyon OPEK tashkilotiga a’zo davlatlar va ularning sheriklari qazib olish hajmini qisqartirdi. Shuningdek, Venesuela va Eron ham qazib olishni qisqartirdi. AQSHda esa 2018-yilda slanetsli neft qazib olish hajmi keskin oshirildi va bu holat kelgusida ham saqlab qolinishi kutilmoqda. Barcha energotashuvchilar, jumladan tabiiy gaz va ko‘mir narxi 2019-yilda o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan o‘rtacha 7,9 foiz past bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Hisobotda qayd etilishicha, mamlakatlar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining keskin o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha amalga oshirilgan choralar ularning fuqarolari uchun kutilgan samaralarni berishi mumkin.