Toshkent hokimiyati delegatsiyasi va Minsk shahar ijroiya qo‘mitasi 15 aprel kuni poytaxtlarning savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va madaniy hamkorligi to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi. Bundan tashqari, Toshkent va Minks o‘rtasida birodarlashgan shaharlar maqomi to‘g‘risidagi bitimni imzolash rejalashtirilmoqda, deya xabar qildi Toshkent hokimiyat matbuot xizmati.

Belarus poytaxtiga tashrif chog‘ida O‘zbekiston delegatsiyasi Minsk Jarrohlik, transplantologiya va gematologiya ilmiy-amaliy markazi hamda «Belkommunmash» jamoat elektr transport vositalari ishlab chiqarish korxonasiga tashrif buyurdi.

Foto: «Minsk-Novosti»

"Belkommunmash" MDH davlatlarida savdo boshqarmasi boshlig‘i Vitaliy Shkuratov joriy yilda Toshkentda konditsionerlar bilan jihozlangan Ye420 Vitovt Electro elektrobus modeli paydo bo‘lishini ma’lum qildi. Uning uchun qatnov yo‘nalishini ishlab chiqilgan bo‘lib, quvvatlash stansiyasi uchun maydoncha tayyorlanmoqda, deya yozdi «Minsk-Novosti» portali. Agarda sinov ekspluatatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tsa, tomonlar texnikalarni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolashni ko‘rib chiqadi.

O‘tgan yili O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi savdo aylanmasi 86,5 mln dollarga yetdi. Toshkentda Belarus kapitali ishtirokidagi 32 ta korxona, jumladan «Amkador-Agrotexmash», «MAZ-Tashkent» va «Belfarm» qo‘shma korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Hamkorlikni kengaytirish uchun o‘zbek-belarus biznes forumini o‘tkazish rejalashtirilmoqda, deya xabar berdi hokimiyat matbuot xizmati.