Birinchi chorakda iqtisodiy sudlar tomonidan 46001 ta ish ko‘rib chiqildi. Shunda da’vogarlar foydasiga 2,3 trln so‘m undirish haqida sud qarorlari qabul qilingan. Ko‘rilgan ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 56,7 foizga kamaygan, deya xabar qildi O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

O‘tgan davrda eng ko‘p iqtisodiy ishlar Toshkent shahar, Qashqadaryo, Surxondaryo va Andijon viloyatlari iqtisodiy sudlari tomonidan ko‘rib, hal etilgan.

Taraflarga qulayliklar yaratish hamda sud ta’sirchanligini oshirish maqsadida nizo tartibida ko‘rilgan ishlarning salmoqli qismi, ya’ni 28742 tasi bevosita joylarda, ya’ni sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan.

Iqtisodiy sudlar tomonidan hal etilgan ishlarning 1065 tasi videokonferensaloqa rejimida ko‘rib chiqilgan bo‘lib, natijada taraflarning 714,1 mln so‘m miqdoridagi mablag‘lari tejab qolindi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini huquqiy himoya qilishga oid 7405 ta iqtisodiy ish ko‘rib chiqildi hamda ular foydasiga 247,6 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ undirib berildi.

Hisobot davrida iqtisodiy sudlarda ko‘rilgan ishlarning asosiy qismini kontraktatsiya, mahsulot yetkazib berish va kommunal xizmat ko‘rsatish shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha ishlar tashkil etdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Oliy sudi Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan nazorat tartibida 144 ta shikoyat va protestlar ko‘rib chiqildi. Quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 83 ta qaror bekor qilindi va 29 ta sud qarorlari o‘zgartirildi.