Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining sobiq rahbarlariga nisbatan ochiq sud jarayoni boshlandi, deya xabar qildi O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Bosh prokuratura 2018 yil noyabrida agentlikning sobiq rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan edi.

Jinoyat ishi doirasida Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining sobiq boshlig‘i Ravshan Ibragimov (1966 y. t.), agentlik boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Ulug‘bek Nazarov (1977 y. t.) va agentlik moslashtirish va o‘qitish markazining sobiq direktori O. Mahmudov sudlanmoqda.

Sudlanuvchilar O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 210- (pora olish), 211- (pora berish), 243- (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) va 278−2- (kompyuter axborotlaridan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Sud jarayoni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi suyasi Orifjon Qilichev raisligida o‘tmoqda.