Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari respublikadan naqd xorijiy valyutalarni noqonuniy ravishda olib chiqishga doir navbatdagi bojxona qoidabuzarlik holatini aniqlashdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

«G‘ishtko‘prik» chegara bojxona posti orqali piyoda harakatlanayotgan fuqaro P.A. bojxonachilar e’tiborini tortdi va belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazildi.

Natijada, uning egnidagi kiyimida deklaratsiyalanmagan va og‘zaki so‘rov paytida bojxona xodimlariga ma’lum qilinmagan 8550 AQSH dollari borligi aniqlandi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega bo‘lgan chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga 5 000 AQSH dollariga teng yoki undan oshmaydigan miqdorda naqd xorijiy valyutani yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatgan holda erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi.

Chet el fuqarolari esa O‘zbekistonga kirish chog‘ida olib kirgan miqdordagi naqd xorijiy valyutani erkin olib chiqib ketishlari mumkin.

Belgilangan summadan ortiqcha naqd xorijiy valyutani olib chiqib ketish uchun Markaziy bankning hududiy boshqarmalari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar talab etiladi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.