4 aprel kuni Nukusda O‘zbekistonda birinchi bo‘lib tarkibida alohida parvarishga muhtoj bolalar uchun «Imkon» reabilitatsiya markazi bo‘lgan ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasi ochildi. Tantanali ochilish marosimida «Gazeta.uz» muxbiri ham ishtirok etdi.

Loyihaning noyobligi shundaki, u alohida parvarishga muhtoj nogironligi bo‘lgan bolalarning ijtimoiy-madaniy rivojlanishi, ta’lim olishi va sog‘lomlashtiruvchi reabilitatsiyasini ta’minlaydi. Bunday markazning Nukusda ochilishiga sabab shundaki, Qoraqalpog‘istonda 2018 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra 7 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolalar soni 2013 yilga nisbatan 17,5 foizga oshdi, deya qayd etdi loyiha koordinatori, Maktabgacha ta’lim vazirligi MTMlar faoliyatini tashkil etish va strategik rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva.

Foto: Maktabgacha ta’lim vazirligi

«Bu yerdagi bolalar ilgari ijtimoiy-madaniy muhitga qo‘shila olmas edilar. Ko‘p tarbiyalanuvchilar hayotining asosiy qismini uy devorlari ortida o‘tkazardilar. Shuningdek, biz Nukus shahrida erta aralashish tamoyilini amalga oshirishni boshlamoqdamiz. Ma’lumki, bola miyasining 85 foizi hayotining birinchi 5 yili mobaynida rivojlanadi. Jismoniy rivojlanishida turli nuqsonlari bo‘lgan bolalar haqida gap ketganda, mashg‘ulotlarning har bir kuni muhim ahamiyatga ega. Korreksion-rivojlantiruvchi ishlarni o‘z vaqtida amalga oshirishni ta’minlash maqsadida biz ushbu maktabgacha ta’lim muassasasiga qabul qilish yoshini 3 yoshdan 2 yoshgacha pasaytirdik», — dedi maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin.

Bu keyingi fotolar: «Gazeta.uz»

2 dan 7 yoshgacha bolalar IMTMga tibbiy-psixologik-pedagogik komissiya xulosasi asosida qabul qilinadi. Ushbu markazda maktabgacha yoshdan oshgan alohida parvarishga muhtoj bolalar uchun ham bepul reabilitatsion muolajalar ko‘rsatiladi.

Ikki qavatli muassasa 120−150 bolaga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan.

Reabilitatsiya markazining korreksion-ta’lim xonalari parafin pechi, tibbiy trenajyorlar, quruq massaj vannalari, neyro-ortopediya pnevmokostyumlari, mobil stenderlari, ortopediya velosipedlari, yotiq samokatlar, moslashuvchan kreslolar, vestibulyar apparatni rivojlantirish uskunalari, sensor integratsiyasi mahsulotlari, «Saundbim» tizimi va fizioterapiya apparatlari kabi xorijiy uskuna va inventarlar bilan jihozlangan.

Davolash tadbirlari rivojlanishda buzilishlarni tuzatishga, tibbiy reabilitatsiya va ijtimoiy moslashuvga yo‘naltirilgan.

Muassasaga prezident nomidan Damas va Cobalt avtomobillari taqdim etildi.

Markaz mutaxassislari Moskva va Sankt-Peterburgda — Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining «Detstvo» Rossiya reabilitatsiya markazi hamda A. I. Gersen nomidagi davlat pedagogika universitetida malaka oshirish kurslarida tahsil olib qaytdi. Telemeditsina texnologiyasi yordamida IMTM mutaxassislari Toshkent va xorijdagi ekspertlardan zarur tibbiy ma’lumotlarga ega bo‘lishlari, masofadan turib ta’lim olishlari va malakasini oshirishlari mumkin.

Maktabgacha ta’lim vazirligi reabilitatsiya markazlariga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasalarini respublikaning boshqa hududlarida qurish va foydalanishga topshirish bo‘yicha ishlarni davom ettiradi.

Foto