Prezident «Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Farmonga muvofiq, murojaatlar bilan ishlash, aholi muammolarini aniqlash va hal etish bo‘yicha «mahalla — sektor — Xalq qabulxonasi — mahalla» prinsipi asosida hamkorlik tizimi joriy qilinadi. Mazkur tizimning asosiy yo‘nalishi muammolarni aniqlash va hamkorlikda bartaraf etish choralarini ko‘rish, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish hisoblanadi.

Jamoatchilik asosida fuqarolar yig‘ini raisi o‘rinbosari — ijtimoiy va ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchi hamda fuqarolar yig‘ini raisi o‘rinbosari — tadbirkorlik, tomorqa yer egalari faoliyatiga ko‘maklashish va obodonlashtirish ishlari bo‘yicha maslahatchi lavozimlari joriy etildi.

Farmonga ko‘ra «Keksalar maslahati» guruhlari tashkil etiladi.

Fuqarolar yig‘inlari raislari har chorakda dolzarb muammolar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni sektorlar rahbarlari va Xalq qabulxonalariga taqdim etib boradi. Eng dolzarb muammolar sektorlar rahbarlari va Xalq qabulxonalari tomonidan tegishli dasturlarda inobatga olish uchun tavsiya etiladi.

Fuqarolar yig‘inlari organlarida «zamonaviy menejment» tizimi joriy etiladi. Fuqarolar yig‘inlari, ularning xodimlari faoliyatini reyting asosida baholash mezonlari ishlab chiqiladi.