Buxoro viloyatining turizm sohasidagi katta salohiyatidan foydalanib, 2021 yilgacha xorijiy sayyohlar sonini 2 barobar ko‘paytirish, turizm xizmatlari tushumini 350 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati ma’lum qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyati faollari va mutasaddi rahbarlar ishtirokidagi yig‘ilishda bu masalaga alohida to‘xtalib, tegishli vazifalarni belgilab berdi. Buning uchun avvalo zamonaviy mehmonxonalar barpo etish, transport infratuzilmasini yaxshilash zarurligini ta’kidladi.

Joriy yilda Buxoro shahridagi «Buxoro-palas», «Varaxsha» va «Zarafshon» mehmonxonalari rekonstruksiya qilinib, 32 ta yangi mehmonxona, 9 ta motel va 50 ta mehmon uylari foydalanishga topshiriladi. Natijada mehmon o‘rni 7 mingtaga yetib, turistlarni qabul qilish imkoniyati qariyb 2 barobar ko‘payadi.

G‘ijduvon — Kogon yo‘nalishidagi 122 kilometr yo‘lni ta’mirlash, «Yetti pir» ziyoratgohlari o‘rtasida qulay va zamonaviy transport qatnovini yo‘lga qo‘yish, xalqaro halol standartini keng joriy etish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.

Davlat rahbari aviaqatnovlar sonini oshirish, Samarqand, Xiva, Shahrisabz shaharlari bilan avtobus va poyezdlar qatnovini ko‘paytirish orqali Buxoroni «sayohatlar chorrahasi"ga aylantirish lozimligini ta’kidladi.

Shuningdek, «Buxoro tarixi» muzeyini qurish, ko‘ngilochar maskanlar, hunarmandlar markazlari va Buxoroning eski shahar qismida turistlar piyoda sayr qiladigan yo‘nalishlar tashkil qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.