28 martdan 29 martga o‘tar kechasi va bugun erta tongdan yog‘ayotgan yomg‘ir tufayli Samarqand shahrining ko‘plab ariqlarida suv to‘planib qolib, yo‘llarga chiqib ketgani va bu transport vositalari hamda piyodalar harakatlanishiga noqulaylik tug‘dirgani aholi noroziligiga sabab bo‘ldi. Mazkur holat aks etgan video va suratlar ham bugun ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.

Samarqand shahar hokimligi ushbu noqulaylik uchun shahar aholisi va mehmonlardan uzr so‘rab, hokimiyat huzurida tezkor shtab tashkil etilganini ma’lum qildi.

Ayni paytda shaharning Buyuk ipak yo‘li, Dahbet va Registon ko‘chalari chorrahasida sohaviy xizmatlar xodimlari tomonidan suv yo‘llarini ochish ishlari olib borilayotganini qayd etdi. Shuningdek, shaharning boshqa ko‘chalarida ham suv toshqinlarining oldini olish va ularni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

Ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar shahar hokimining nazoratida ekanligi va aholida bu borada murojaatlar bo‘lsa hokimning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari yoki telefonlari orqali murojaat qilishi mumkinligi ma’lum qilingan.