O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi xavfli gidrometeorologik va geologik vaziyatlar yuz berishi mumkin bo‘lgan hududlar bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi. Olingan ma’lumotlar sel xavfi nisbatan yuqori bo‘lgan hududlarni aniqlash imkonini berdi, deya xabar qildi O‘zA.

Ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda O‘zbekistonning deyarli barcha tog‘ va tog‘oldi hududlari sel xavfi yuqori bo‘lgan hududlar hisoblanadi. Bunda, ayniqsa, Farg‘ona vodiysi mazkur hodisa xatari ostidadir. Bundan tashqari, Namangan, Farg‘ona viloyatlari, undan so‘ng Surxondaryo, Toshkent, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari ham sel xavfi nisbatan yuqori viloyatlar deb topildi.

Tog‘li hududlarda aprel, may, iyun oylarida eng ko‘p yog‘ingarchilik bo‘lishidan ogohlantirildi. FVV tashkil etgan kuzatuv va sel xavfi to‘g‘risida ogohlantirish xizmati aynan shu oylarda alohida tartibda ishlaydi.

Sel oqimining halokatli oqibatlarini kamaytirish maqsadida FVV tomonidan selga qarshi gidrotexnika inshootlari, sellarni ajratuvchi, ushlab qoluvchi va saqlab qoluvchi ob’ektlar qurish ishlari amalga oshirilmoqda.

Jumladan, qiyaliklarga ko‘ndalang ravishda ishlov berilib, tog‘ yon-bag‘irlarini pog‘ona-pog‘ona qilib ishlanmoqda. Shuningdek, ushbu hududlarga chopiq ekinlarini ekish taqiqlangan. Yerning holatini yaxshilash va tog‘oldi hududlarda uning yemirilishini bartaraf etish maqsadida tog‘ yon-bag‘irlari va daryo o‘zani bo‘ylab yangi va o‘rmon ko‘chatlarini ekish hamda mavjudlarini sog‘lomlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.