O‘zbekiston fuqarolarini Koreya Respublikasida ishga joylashtirish bo‘yicha 2019 yilga mo‘ljallangan kvotalar oshirildi, deya xabar qildi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi.

Qayd etilishicha, Koreya Respublikasi Bandlik va mehnat vazirligi 2019 yil uchun mo‘ljallangan kvotalar sonini 3200 taga oshirdi (2018 yilda — 3100).

Ushbu kvotalangan ish o‘rnilarini to‘liq qamrab olish uchun Koreya ish beruvchilariga taqdim etiladigan mavjud nomzodlarning zaxiralangan soni bugungi kunda 4980 nafarni, shulardan ishlab chiqarish sohasiga 4800 nafarni va xizmat ko‘rsatish sohasiga 180 nafarni tashkil etadi.

Koreya Respublikasida ishga joylashtirilgan O‘zbekiston fuqarolarining mehnat qilish muddati 4 yilu 10 oygacha bo‘lgan muddatni tashkil etadi. 2019 yilda ham O‘zbekiston fuqarolarini Koreya Respublikasida ishga joylashtirish jarayoni izchil davom etmoqda.

O‘tgan yillar davomida ushbu tizim orqali 31628 nafar o‘zbekistonlik ish bilan ta’minlangan. Bundan asosiy maqsad Koreya Respublikasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini yuritayotgan fuqarolar O‘zbekistonga qaytib kelgach, ularning xorijda egallagan bilim va ko‘nikmalarini O‘zbekiston amaliyotiga tadbiq etishdan iboratdir.

Hozirgi vaqtda «Erkin yollash tizimi» orqali Koreya Respublikasi 16 davlatdan ishchi kuchini jalb qiladi.