BMTning Bolalar jamg‘armasining (YUNISEF) O‘zbekistondagi vakolatxonasi saytida taqdir taqozosi bilan onasidan ayri yashayotgan bola haqidagi hikoya e’lon qilindi. Uning taqdiri mamlakatda ijtimoiy himoya sohasida qanday muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda. «Gazeta.uz» mazkur hikoyani ba’zi juz’iy tuzatishlar bilan e’lon qiladi.

Timur har kuni ertalab bog‘chadagi qushlarning chug‘ur-chug‘uridan uyg‘onadi. O‘rnini tartibga keltirar ekan, oyog‘i singanidan so‘ng yotoqqa mixlanib qolgan onasi haqida o‘ylaydi. Bir haftadirki onasini ko‘rgani yo‘q, chunki uni bolalar tranzit markaziga joylashtirishdi.

Toshkent IIBB huzuridagi Voyaga yetmaganlarni ijtimoiy va huquqiy qo‘llab-quvvatlash markazi O‘zbekiston poytaxtida ota-onalar vasiyligisiz yashayotgan Timur kabi bolalarga vaqtinchalik turar-joy va taom taqdim etib, tibbiy yordam ko‘rsatadi.

«Avvaliga qochib ketishni o‘yladim», — deya tan oladi u. Bola markazda uning ustidan kulib, kaltaklashadi, deb qo‘rqqan edi. Biroq hozir unga bu joy, ayniqsa ovqatlari yoqadi. «Flotcha makaron», — deya javob beradi u eng ko‘p qaysi ovqat yoqadi, degan savolga.

Foto: Sanobar Xudayberganova / YUNISEF.

Oxirgi to‘rt oy u shifoxonada, onasi bilan bitta palatada yashadi. Shifoxona xodimlari uni ovqatlantirishdi, palatadoshlar bergan pullarni esa maktabga borib-kelish yo‘liga sarfladi.

Avtobusda borib-kelish — ikki ming to‘rt yuz so‘m. Ba’zi vaqtlar u shifoxonadan maktabgacha bo‘lgan 9 kilometrlik masofani piyoda bosib o‘tardi. «Pullarni tushlikdan ko‘ra yo‘lga sarflaganim yaxshiroq», — deydi beshinchi sinf o‘quvchisi. Maktabda esa ruchka va daftarlari yo‘qligi uchun unga tanbeh berishardi.

Bir yil avval Timur Toshkentdagi istirohat bog‘laridan birida do‘stlari bilan birgalikda o‘zining 11 yoshini nishonladi. Tog‘asi pitssali bazm uyushtirdi va unga duxoba ayiq sovg‘a qildi. U hayotidan mamnun edi.

So‘ngra tog‘asi Rossiyaga ketdi. «Men pul yig‘ib, senga velosiped sovg‘a qilaman», — deya va’da berdi u Timurga. Oradan bir necha oy o‘tgach, uning onasi Aziza yiqilib tushdi va oyog‘ini sindirib oldi. U ikkita ishi va ijaraga olgan uyidan ayrildi. Bir necha jarrohlik amaliyoti va uzoq muddatli sog‘ayish jarayonini boshdan kechirishga majbur bo‘lib qoldi.

Tog‘asining ketishi Timurning baxtli hayotida burilish yasadi. Baxtsizliklar ketma-ket yog‘ila boshladi.

Maziyar Taleshi. Foto: Sanobar Xudayberganova / YUNISEF.

«Migrant ota-onalar va vasiylar tashlab ketgan bolalar kattalarning g‘amxo‘rligi va himoyasi yetarli darajada bo‘lmagan sharoitlarda qolishlari mumkin, deydi YUNISEFning bolalarni himoya qilish bo‘yicha eksperti Maziyar Taleshi. — Mehnat migratsiyasining iqtisodiy foydalari bo‘lishiga qaramasdan, vasiylikning yo‘qligi bolaga e’tiborning pasayishi va uning nazorati va ruhiy xotirjamligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin».

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, xorijda 2,6 million o‘zbekistonlik doimiy ravishda mehnat qilmoqda. Mehnat migratsiyasining oila va bolalarga ta’siri haqidagi ma’lumotlar esa juda oz.

2018 yil iyulda YUNISEF va O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi Yevropa ittifoqi ko‘magida migratsiyaga aloqador bolalarni himoya qilish bo‘yicha loyihani amalga oshirishni boshladi. Migrant ota-onalar tomonidan qoldirib ketilgan bolalar ahvolini baholash uchun Buxoro, Farg‘ona, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida tadqiqotlar o‘tkaziladi. Olingan ma’lumotlar asosida migrant ota-onalar tomonidan qoldirib ketilgan bolalar ahvolini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Temur 3000 so‘mni o‘g‘irlaganlikda ayblanib, maktabdan chetlatilish arafasiga kelib qolganini aytmaydi. O‘qituvchisining so‘zlariga ko‘ra, maktab ma’muriyati onasining holati haqida xabardor bo‘lgan, biroq bola huquqbuzarlik sodir etish xavfi ostida deya baholangan. Natijada onasi bolani tranzit markaziga joylashtirishga ruxsat berishga majbur bo‘lgan.

Timur arg‘imchoqda uchishni yaxshi ko‘radi. Foto: Sanobar Xudayberganova / YUNISEF.

«Stressli vaziyatlarda ayrim bolalarning xulq-atvorida ular tushib qolgan murakkab hayotiy muammolarga javob tariqasida reaksiyalar vujudga kela boshlaydi, — deydi Maziyar Taleshi. — Bolaga buning shu kabi vaziyatlardagi yagona reaksiyasi ekanini tushuntirish muhim. Ruhiy yordam ko‘rsatish bolalarga paydo bo‘layotgan qiyinchiliklarni yengib o‘tishga yordam berishi mumkin».

Timur onasining ahvolidan xavotir oladi. Baxmal ayiqchasini onasi bilan qoldirib kelgani haqidagi o‘ygina uning qalbiga iliqlik bag‘ishlaydi: «Qachon uni qo‘liga olsa, men haqimda o‘ylaydi». U tranzit markazida kun sanaydi, turli tadbirlar — sinfdagi mashg‘ulotlar, sport musobaqalari va qo‘l hunari to‘garagidagi mashg‘ulotlarda ishtirok etadi.

Kundalik mashg‘ulotlar Timurga murakkab vaziyatdan chiqishga yordam bermoqda. So‘nggi oylarda lablarida paydo bo‘lgan ekzema (chilla yara — tahr.) asta-sekin tuzalmoqda. «Onam sog‘ayib ketsa, oldimga keladi», — deydi ishonch bilan.

Tranzit markazi sa’y-harakatlari bilan bolaning Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi buvisi topildi. Biroq u yetarlicha parvarish qila olmadi va Timur yana tranzit markaziga, bu safar tumandagisiga joylashtirildi. Uning bolalar uyiga yuborilishi ehtimoli yo‘q emas. Chunki bolaning onasi hamon shifoxonada.

Qahramonlar ismi o‘zgartirilgan, tahririyatda bolaning oilasi to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud.