4 mart kuni Innnovatsin rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari v.b. Sharof Rajjabboyev hamda Rossiya Fundamental tadqiqotlar Kengashining (RFTK) raisi o‘rinbosari Vladimir Kvardakov bilan uchrashdi, deya xabar qildi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Uchrashuv davomida vazirlik va RFTK o‘rtasida ilmiy hamkorlikning mavjud holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Vladimir Kvardakov ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik haqida so‘zlarkan, so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi ilmiy sheriklikning tez sur’atlarda rivojlanayotganini kuzatish mumkinligini qayd etdi. Har ikki davlat olimlarida katta qiziqish uyg‘otgan hamkorlikdagi fundamental ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha tanlovning yo‘lga qo‘yilgani buning yaqqol misolidir. Xususan, olimlardan kutilganidek 30−40 ta emas, 150 ta arizaning tushdi. Bu faktning o‘zi ilmiy aloqalarning naqadar muhimligini, hamkorlikdagi fundamental ilmiy tadqiqotlarning qay darajada dolzarb ekanini namoyish etdi.

«Rossiya bundan keyin ham ikki davlatning hamkorlikdagi ilmiy-tadqiqot loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi, — dedi u. — Ayniqsa, yosh olimlarning birgalikdagi faoliyatlarini tashkil etish muhim ahamiyatga ega».

RFTKda har yili barcha MDH davlatlarining ilmiy-tadqiqot institutlari yosh xodimlari stajirovka o‘tash uchun tanlovlarda ishtirok etadilar. Vladimi Kvardakov o‘zbekistonlik yosh olimlarni ham mazkur stajirovkalarni o‘tash va grant loyihalarida qatnashishga taklif etdi.

Shuningdek, Rossiya bilan Belarus o‘rtasida yosh olimlar tanlovi o‘tkazish haqida kelishuvi bo‘lganidek, xuddi shu amaliyotni O‘zbekiston bilan ham amalga oshirish bo‘yicha takliflar berildi. Bu ilmiy aloqalarni mustahkamlashga, ikki davlat yosh tadqiqotchilarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi, kelajakda shakllanajak ilmiy jamoatchilikning yaqinlashishiga sabab bo‘ladi.

Muzokaralar natijalariga ko‘ra, Innnovatsin rivojlanish vazirligi va Rossiya Fundamental tadqiqotlar Kengashi o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.