Namangan shahrida joylashgan Nodirabegim nomidagi axborot-kutubxona markazi 100 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi yangi loyiha ishlab chiqdi. Bu haqda agentlikning telegramdagi kanali orqali xabar berildi.

Loyiha ushbu majmuani tubdan modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan. Jumladan:

— kutubxona yonida shinam kitob savdo markazi tashkil etiladi;

— viloyatning chekka mahalla va ovullari aholisi, ayniqsa, yoshlar mutolaa madaniyatini yuksaltirish maqsadida agentlik tomonidan maxsus jihozlangan «Bibliobus» yo‘lga qo‘yiladi.

«Bibliobus"lar ham kutubxona, ham kitob do‘koni sifatida sayyor xizmat ko‘rsatadi. Uning yordamida o‘quvchilar kutubxonaga emas, kutubxona o‘quvchilar oldiga boradi.

Yurtboshimiz mazkur loyiha bilan tanishar ekan, uni qo‘llab-quvvatlashini, jumladan, ushbu ma’naviy qimmatga ega loyihani qisqa muddatda amalga oshirish lozimligini ta’kidladi. Davlatimiz rahbari, shuningdek, qariyb yarim gektarga teng maydonda joylashgan kutubxona tevaragini kitob mutolaasiga qulay, osoyishta bo‘lishi lozimligini qayd etdi.