Bugun Milliy olimpiya qo‘mitasida sport tibbiyoti masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish tashkil qilindi. Unda ,osh kotib Jasur Matchanov, Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Abdushukur Sodiqov hamda markaz xodimlari ishtirok etdi.

Yig‘ilish davomida markazning ilmiy loyihalari, sportchilarning matematik modeldan foydalangan holda musobaqalarda qayd etishi mumkin bo‘lgan ko‘rsatkichlari tahlili, psixodiagnostika, farmakalogiya masalalari muhokama qilindi.

Sportchilar uchun ruxsat etilgan dori vositalari ro‘yxati tayyorlanganligi, ularning sport turlari bo‘yicha ajratib chiqilgani, metodik qo‘llanma sifatida chiqarilishi haqida ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, sport federatsiyalari va assotsiatsiyalarida faoliyat yuritayotgan terma jamoa shifokor va murabbiylari uchun 8 ta metodik qo‘llanma tarqatiladi. Shuningdek, yig‘ilishda professor Iskandar Mavlonov so‘zga chiqib, professional kadrlar tayyorlash, olib borilayotgan tadqiqot ishlari masalasida gapirib o‘tdi.

Aziz Mo‘minov esa Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi faoliyati, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar haqida taqdimot o‘tkazdi. Bugungi kunga kelib sportchilarimiz belgilangan reja asosida tibbiy ko‘rikdan o‘tishmoqda. U o‘z chiqishi davomida o‘tgan yilda olib borilgan tibbiy tekshiruvlar, sportchilarimizning sog‘lig‘ida yuzaga kelgan muammolar, ularning yechimi va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida gapirdi.

Sportchilarni Tokio olimpiadasiga tayyorlashda tibbiy yo‘nalishda ham individual tomonlama yondoshuv yo‘lga qo‘yilgan. Buning uchun ayni paytda «sportchi pasporti» joriy etilmoqda. Unda avvalgi kasalliklar, mashg‘ulotlar jadvali, g‘alabalari aks etadi. Bu orqali sportchi haqidagi to‘liq tasavvurga ega bo‘lish mumkin. Shuningdek, uning jismoniy holatidan ham xabardor bo‘lib turish imkoniyati paydo bo‘ladi.

«Mobil laboratoriya» mavzusida esa Sunnat Yo‘lchiyev taqdimot o‘tkazdi. Unda sportchilarimizning holati, ularga berilayotgan yuklamalardagi natijalar ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilish yakunida MOQ Bosh kotibi Jasur Matchanov mazkur metodik qo‘llanmalarni sport federatsiya va assotsiatsiya vakillariga shunchaki beribgina qolmay, bu bo‘yicha ularga batafsil tushuntirish ishlari olib borish lozimligi haqida gapirdi, ushbu yo‘nalish yuzasidan o‘zining tegishli tavsiyalarini berdi.