Joriy yil bahorida Toshkentda 410 ming tupga yaqin mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish rejalashtirilmoqda, deya xabar qildi poytaxt hokimiyati matbuot xizmati.

Kashtan, dub, eman, lola daraxti, sofora, butalardan — forzitsiya, yapon behisi, magnoliya, suriya atirguli va yil davomida navbatma-navbat gullab, bir-birining o‘rnini egallovchi boshqa o‘simliklarni ekishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

«Poytaxtning markaziy va boshqa ko‘chalari joriy yilda bahorida lolalar, violalar, tageteslar va salviyalar (gulidovud va mavraklar — tahr.) bilan ham bezatiladi», — deyiladi xabarda.

Shahar ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan kuzda poytaxtda 168,1 ming tup daraxt va butalar, shuningdek 5 million tup ko‘p yillik va bir yillik gullar ekilgan.

Bugungi kunda Toshkentning umumiy maydoni 33 ming gektarni tashkil etsa, uning 15,2 ming gektari yashil hududlar hisoblanadi.