Yuqori professional harbiy xizmatchilarni tayyorlash maqsadida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamkorligida butunlay yangicha ko‘rinish va mazmundagi malaka oshirish tizimi joriy etildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu tizim O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 28 noyabr kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishida bergan topshiriqlari asosida joriy etildi.

25 fevral kuni universitetda mazkur o‘quv kurslarining birinchi tinglovchilari qabul qilinib, ularning malakasini oshirish borasida amaliy ishlarga kirishildi.

«Malaka oshirish kurslari davomida universitetning malakali professor-o‘qituvchilari va yurtimizdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarining yetakchi olimlari tomonidan nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Ushbu kurslarni tamomlagan ofitserlarimiz qo‘shinlarda joriy etilgan yangi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar tizimini samarali va ta’sirchan tashkil etishga, harbiy xizmatchilarning ma’naviy-ma’rifiy bilimi va intellektual salohiyatini yanada oshirishga o‘z hissasini qo‘shadi», — deydi o‘quv kursining ochilish marosimida ishtirok etgan mudofaa vaziri o‘rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov.

15 kun davom etadigan o‘quv kurslarida shu yilning fevral oyidan 2020 yil iyun oyiga qadar 3 bosqichda, jami 600 nafarga yaqin tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi ofitserlari tahsil olishi rejalashtirilgan.