Hukumat qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Xalq ta’limini rivojlantirish jamg‘armasi hamda byudjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Nizomga muvofiq, Xalq ta’limini rivojlantirish jamg‘armasining asosiy vazifasi Xalq ta’limi vazirligi tizimiga kiruvchi ta’lim muassasalarini, Mehribonlik uylari, Bolalar shaharchalarini qurish uchun mablag‘ jamlash hisoblanadi.

Boshqaruv kengashi Jamg‘armaning yuqori organi hisoblanadi, jamg‘armaning ijro etuvchi direksiyasi ijro organi hisoblanadi.

Direksiya har yili navbatdagi yil uchun jamg‘armaning daromadlari prognoz rejasini tasdiqlaydi.

Jamg‘arma mablag‘laridan maktablar qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash, shuningdek, maktablarni jihozlash uchun foydalaniladi.

Respublika maqsadli kitob jamg‘armasining asosiy vazifasi maktablarning kutubxona jamg‘armalari uchun darsliklar va o‘quv-metodik majmualar bilan ta’minlashga qaratilgan byudjet mablag‘lari va homiylik xayriyalari, xalqaro moliya institutlarining kredit va grantlari, darsliklarning ijara to‘lovini jamlash va ulardan samarali foydalanish hisoblanadi.

Vasiylik kengashi jamg‘armaning yuqori boshqaruv organi hisoblanadi hamda uning tarkibi hukumat tomonidan tasdiqlanadi.

Jamg‘arma quyidagilar uchun darsliklar yetkazib berishga mablag‘ ajratadi:

birinchi sinf o‘quvchilari uchun;

«Mehribonlik» uylari tarbiyalanuvchilari, jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchunixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internetlarning o‘quvchilari uchun;

ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan oilalardagi o‘quvchilar uchun;

ijara asosida berish uchun;

o‘qituvchilar uchun.