O‘zbekiston OTMlariga hujjat topshirish muddatlari uzaytirilishi mumkin, deya xabar qildi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi vakillari shanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Dastlabki rejalarga ko‘ra, hujjat qabul qilish may oyidan boshlanadi. Bu davrda o‘tgan yillarda o‘rta ta’lim muassasalarini tamomlagan abituriyentlar hujjatlarini topshirishlari mumkin. Iyun oxirida attestat va diplomlarini oluvchi maktab, litsey va kollejlar o‘quvchilari 10 iyulgacha hujjatlarini topshira oladilar. O‘tgan yil hujjat topshirish bir oy — 15 iyundan 15 iyulga qadar davom etdi.

Hujjat topshirish jarayonining o‘zi ham sezilarli darajada soddalashtiriladi. Endilikda abituriyentlar hujjat topshirish uchun OTMga kelishlari shart emas. Buni davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirishlari mumkin. Masalan, Nukusda yashovchi abituriyent Toshkent yoki boshqa shahardagi OTMga o‘z shahrida turib hujjat topshira oladi. Bunda OTMlarning o‘zida Davlat xizmatlari agentligi filiallarini ochish taklif etilmoqda. Bunday xizmatning taxminiy narxi 20 ming so‘m bo‘lishi kutilmoqda. Topshirilishi majburiy bo‘lgan hujjatlar soni ham keskin qisqardi: pasport va o‘qishni tamomlagani to‘g‘risidagi hujjatning asl nusxasi.

Kirish imkoniyatlarini kengaytirish uchun bir vaqtda hujjat topshirish mumkin bo‘lgan ta’lim muassasalari soni ko‘paytirildi. Agarda avvallari abituriyent faqatgina bir OTMga kirish uchun hujjat topshira olgan bo‘lsa (xorijiy OTMlar filiallarini hisobga olmaganda), joriy yildan u tanloviga ko‘ra birvarakayiga uchta OTMga kirish uchun hujjat topshira oladi.

Internet orqali hujjat topshirishni tashkil etish bo‘yicha ham takliflar ko‘rib chiqilmoqda.

Davlat test markazi direktori Majit Karimov o‘tgan yili yoki avval maktab, litsey va kollejlarni tamomlagan abituriyentlar uchun hujjat topshirishda eng kam ish haqining bir barobari miqdorida majburiy to‘lovni joriy etish taklif etilgan hukumat qarori loyihasi jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgani yuzasidan izoh berib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tushgan mablag‘larning 80 foizi test jarayonlarini tashkil etish uchun zarur uskunalar: kuzatuv kameralari, jarayonni kuzatish uchun monitorlar, sensorlar, metall detektorlari va boshqalarni xarid qilishga sarflanadi. Qolgan mablag‘lar binolar ijarasi, ularni konditsionerlar bilan jihozlar, monitoringni tashkil etish va boshqa xarajatlarga sarflanadi.

O‘tgan yili bir vaqtning o‘zida 1000 ta guruhda test sinovlari o‘tkazildi. «O‘zekspomarkaz» binolarini 15 kunga ijaraga olishning o‘ziga 2 mlrd so‘m sarflandi, bunday binolardan esa 57 tasi ijaraga olindi.

DTM Test texnologiyalarini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Sevar Zuparxodjayevaning fikricha, hujjatlarni ko‘rib chiqishni pulli qilish abituriyentlarni kirish imtihonlariga nisbatan yanada mas’uliyat bilan qarashga undaydi. O‘tgan yili 22 mingdan ziyod abituriyentlar imtihonlarga kelmagan.

O‘qishga kira olmagan, biroq 30 foiz va undan ziyod ball to‘plagan abituriyentlarga kelgusida hujjat topshirishda foydalanishi mumkin bo‘lgan uch yillik sertifikatlar topshiriladi.

Avval yozganimizdek, 2020/2021 o‘quv yilidan test imtihonlarini uchta majburiy — ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixi, yo‘nalishlar bo‘yicha esa ikkita fandan olish taklif etilmoqda. Fanlar majmuasi sentyabr-oktyabrda e’lon qilinadi va muhokamalardan so‘ng tasdiqlanadi, deya aniqlik kiritdi Majit Karimov.

Test sinovlari natijalari imtihondan keyingi kuni, tanlov yakunlari esa bir haftadan so‘ng e’lon qilinadi.

Hukumat qarori loyihasi 2 martga qadar davom etadi.

Video

Manba: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi.