Firibgarlik yo‘li bilan bir qator odamlarning pul-moddiy boyliklarni qo‘lga kiritgan ayol zararning 72 foizini qoplagani va voyaga yetmagani farzandi borligi sababli sud zalidan ozod qilindi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudining raisi Qodirbergan Yaxshimuratov «Gazeta.uz"ga ma’lumot berdi.

Yaqinda A. Qosimova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) birinchi bosqich sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «v» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Sudlanuvchi A. Qosimova oilasidan ajrashgan, bir nafar voyaga yetmagan farzandi bor, biron-bir joyda ishlamaydi.

Mehnatga bo‘yin egmagan A. Qosimova 2018 yil 29 iyul kuni soat to‘qqizdan o‘n ikkiga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida o‘zi istiqomat qilayotgan ko‘p qavatli uydagi qo‘shni xonadonda yashovchi S. Ziyodullayevaning dam olishga ketganidan foydalanib, uning uyiga o‘g‘irlikka kiradi. Xonadon yotoqxonasidagi temir eshikni «bolgarka» uskunasi yordamida kesib, seyf ichidan 12 ming 800 AQSH dollari, so‘m holatida jami 99 million 704 ming 64 so‘mga teng mablag‘ni o‘g‘irlab, hodisa joyidan yashirinadi.

Sudda har bir holat sinchkovlik bilan chuqur o‘rganib chiqildi. A. Qosimova seyfning kaliti bo‘lmagani uchun uni kesib ochish maqsadida tanishi Z. Sharipovga qo‘ng‘iroq qilgan. Z. Sharipov o‘ziga tegishli «bolgarka"ni A. Qosimova ijarada yashayotgan uyga keltirib bergan. A. Qosimova undan bu uskunani qanday ishlatishni o‘rganib olgan.

Shundan so‘ng o‘zganing ko‘p miqdordagi mulkini o‘g‘irlik yo‘li bilan osongina qo‘lga kiritgan A. Qosimova undan qarzini qaytarishni bot-bot so‘rayotgan F. Nosirovga 5 ming 600 dollar beradi. Bundan tashqari u F. Nosirovning qo‘liga yana 300 dollar tutqazib, ikkalasining tanishi bo‘lgan A. Eronqulovga berib qo‘yishni tayinlaydi. Negaki, A. Qosimova A. Eronqulovdan ham qarz olgan edi.

Sud muhokamasi chog‘ida ma’lum bo‘lishicha, biron-bir joyda ishlamagan, bekorchi A. Qosimova hech bir o‘ylamasdan tanish-bilishlaridan qarz ko‘taravergan. U jabrlanuvchi S. Ziyodullayevaning o‘zidan ham 300 dollar miqdorida qarzdor bo‘lgan. A. Qosimova jabrlanuvchining dugonasi M. Maqsudovaga S. Ziyodullayeva dam olishdan qaytgach, berib qo‘¬hhyishni so‘rab, 300 dollar beradi. Hatto pullarning haqi¬hqiy egasiga telefon qilib, qarzini uning dugonasiga berib qo‘yganidan ogoh etadi.

O‘g‘irlik ortidan kelgan tekin daromaddan bosar-tusarini bilmay qolgan A. Qosimova shu kunning o‘zidayoq onasi va o‘g‘li Sobit bilan bozorga chiqadi. O‘ziga notanish shaxsdan 250 dollarni 1 million 960 ming so‘mga ayirbosh qiladi. Sobitga 840 ming so‘mga o‘yinchoq, o‘ziga bir dona 800 ming so‘mlik «Samsung» telefon apparati sotib oladi. Yana o‘ziga va onasiga ko‘ylak, ayollar shippagi xarid qiladi.

Uyga qaytgach, onasiga 2 ming 500 dollarni saqlab turish uchun berib, yolg‘on gapiradi. Ya’ni bu mablag‘ go‘yoki tanishi Z. Sharipovga tegishli ekanini aytadi.

Ertasi kuni A. Qosimova M. Jalilovaga undan olgan qarzni qoplash uchun 100 dollar bergan. Gulxan ismli ayolga ham 100 dollar berib, o‘zining garovda turgan fuqarolik pasportini qaytarib olgan. Shundan so‘ng 2018 yil 31 iyulda A. Qosimova Toshkent shahriga otlanadi.

Bu orada dam olishdan qaytgan S. Ziyodullayeva uyiga kelgandi. U xonalarning betartib, to‘zg‘ib yotganiyu, temir seyfning ahvolini ko‘rib, o‘g‘irlik sodir etilganiga amin bo‘ladi.

Jabrlanuvchida darhol A. Qosimovaga nisbatan shubha uyg‘ongan. Chunki A. Qosimovaga nisbatan bunday gumon tug‘ilishi uchun asos bor edi. Biron joyda ishlamay, hech qanday daromadsiz yashayotgan A. Qosimova kutilmaganda, undan olgan qarzini qaytargandi.

S. Ziyodullayeva A. Qosimovaga qo‘ng‘iroq qiladi va uyida o‘g‘irlik sodir bo‘lganidan uni voqif etib, tezda yetib kelishini so‘raydi. A. Qosimova «xo‘p» deydi-yu, telefonini o‘chiradi. A. Qosimovaning maqsadi jabrlanuvchidan uzoqlashish, shu yo‘l bilan jinoyati fosh bo‘lishidan qutulib qolish edi. Lekin o‘g‘rining o‘ylagani puch bo‘lib chiqdi.

Samarqand va Jizzax viloyatlari oralig‘idagi chegara postida ichki ishlar xodimlari A. Qosimova ketayotgan avtomashinani to‘xtatishadi. «Bo‘ynida illati borning oyog‘i qaltirar», deydilar. A. Qosimovani xizmat xonasiga olib borishganida, u o‘zi qo‘l urgan qilmishlarni to‘liq aytib bergan.

Birinchi bosqich sudi sudlanuvchi A. Qosimovani Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «v» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Sudlanuvchining qilmishidan chin ko‘nglidan pushaymonligi, yetkazilgan moddiy zararning yetmish ikki foizga yaqin qismi qoplangani, og‘ir oilaviy sharoitlar ostida jinoyat sodir etgani, qaramog‘ida bir nafar voyaga yetmagan farzandi borligini Jinoyat kodeksining 55-moddasida nazarda tutilgan jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida baholadi.

Sud hay’ati sudlanuvchi A. Qosimovaning harakatida Jinoyat kodeksining 56-moddasida nazarda tutilgan jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud emas, deb hisobladi.

Sud sudlanuvchi A. Qosimovaga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda besh yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.

Jinoyat kodeksining 62-moddasiga muvofiq, A. Qosimovaning 2018 yil 2 avgustdan boshlab qamoqda saqlangan har bir kunni ozodlikni cheklashning bir kuniga tenglashtirib hisoblab, tayinlangan jazodan chegirgan holda o‘tash uchun to‘rt yil sakkiz oy besh kun ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi.

Sudlanuvchiga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, u sud zalidan ozod etildi.