Namangan viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari maishiy texnika vositalarini noqonuniy olib kirilishiga doir yana bir bojxona qoidabuzarligini fosh etishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro M.A boshqaruvida bo‘lgan «Kobalt» rusumli avtomashina Yangiqo‘rg‘on tumanining chegara oldi hududida tezkor kuzatuvga olinib, Namangan shahar Oromgoh dahasida to‘xtatilib ko‘zdan kechirildi.

Natijada, avtomashina yukxonasi va salon qismida xorijda ishlab chiqarilgan, hech qanday hujjatlari bo‘lmagan 16 dona changyutgich maishiy texnika buyumlari borligi aniqlandi.

Olingan ashyoviy dalillarning umumiy qiymati salkam 16,2 million so‘mni tashkil qildi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.