1 apreldan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali haydovchilik guvohnomasini almashtirish uchun ariza topshirish mumkin.

Toshkent IIBB matbuot xizmatining xabar qilishicha, 13 fevral kuni ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov va adliya vaziri Ruslanbek Davletov bu haqdagi qo‘shma qarorni imzoladi.

Yangilik butun O‘zbekiston bo‘yicha joriy etiladi. Xizmatdan foydalanish uchun davlat xizmatlari markazi orqali taqdim etiladigan elektron raqamli imzo lozim.

Onlayn ariza topshirish vaqtida arizachining fotosurati IIV ma’lumotlar bazasidan olinadi. Agar arizachi haydovchilik guvohnomasida yangi fotosuratini ko‘rishni xohlasa, davlat xizmatlari markaziga tashrif buyurishi lozim.

Kiritilgan ma’lumotlar tekshirilganidan so‘ng davlat bojini to‘lash uchun kvitansiya tayyorlanadi. Tayyor hujjatni davlat xizmatlari markazidan olish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 1 iyundan propiska va pochta manzilidan qat’i nazar, har qanday davlat xizmatlari markazi orqali davlat xizmatlarini olish mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, YAIDXP orqali davlat xizmatlarini olishda davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar uchun 90 foiz miqdorida to‘lov amalga oshiriladi.