Bugungi kunda blokcheyn, ya’ni kelajak texnologiyalari ishlab chiqarishda dunyoda yetakchi sanalgan «Blockfusion Technologies Inc» kompaniyasi O‘zbekiston iqtisodiyotiga salmoqli sarmoya kiritishga qaror qilgan. Kanadaning ushbu nufuzli firmasi rahbariyati Qashqadaryo viloyatini investitsiyaviy faoliyat yuritish uchun maqbul hudud sifatida tanlagan. Bu haqda viloyat hokimligi kotibiyati mudiri Ulug‘bek Ernazarov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, kompaniya delegatsiyasi chet ellik sarmoyadorlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishish maqsadida o‘tgan hafta so‘ngida vohada bo‘lgan. Xorijlik mehmonlar hudud xalq xo‘jaligi haqida to‘laroq tasavvurga ega bo‘lish uchun Qarshi va Shahrisabz shaharlari bo‘ylab sayohat qilgan. Kompaniya vakillari uzoq muddatli kelishuv taklif etgani ham Qashqadaryodagi ishbilarmonlik muhiti, mavjud shart-sharoit, potensial bozor ularni har tomonlama qanoatlantirganidan dalolat beradi.

Tashrif davomida viloyat hokimligida rasmiy uchrashuv ham tashkil etilgan. Samarali muzokaralardan so‘ng viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev va kompaniya bosh ijrochi direktori Emiliano lo Manto tomonidan hamkorlik memorandumi imzolangan.

Ushbu hujjatda keltirilishicha, kelgusida viloyatda kompaniya faoliyati aniq bir tarmoq bilan cheklanmaydi, ammo to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish, ekspert maslahati berish, qator mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitish asosiy yo‘nalishlar bo‘lib qoladi. Shu maqsadda sun’iy intellekt, virtual voqelik, blokcheyn texnologiyalari singari elektron xizmatlar ma’lumotlarini qayta ishlovchi zamonaviy markaz tashkil etiladi. Raqamli innovatsion markazda esa xususiy sektor vakillari texnik personali o‘qitiladi. Bu yerda xizmatlar sohasi, savdo-sotiq, eksport faoliyati bo‘yicha maslahatlar ham beriladi.

Mutasaddining so‘zlariga ko‘ra, Kanada kompaniyasi joriy yildayoq mazkur istiqbolli loyihani ro‘yobga chiqarishga kirishadi. Chet ellik investorlar dastlab 5 million AQSH dollari miqdorida kapital olib kirishni, 5 yil davomida esa ushbu sarmoyani 200 million dollarga yetkazishni maqsad qilishgan.