O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya 13−16 fevral kunlari amaliy tashrif bilan Germaniyada bo‘ladi va Xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasida ishtirok etadi.

TIV matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri darajasida mazkur konferensiyada ilk bor qatnashmoqda.

Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi Myunxen shahrida bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasi 2019 yilning 15−17 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi. Tashkilotchilar ma’lumotlariga ko‘ra, forumda rekord darajadagi ishtirokchilar qatnashishi, jumladan 35 nafar davlat va hukumat rahbari, 80 nafar mudofaa va tashqi ishlar vazirlari ishtirok etishi kutilmoqda.

Yevropaning o‘z taqdirini mustaqil belgilashi, transatlantik hamkorlik hamda buyuk derjavalar raqabatining yangi davridagi ehtimoliy oqibatlar konferensiyaning asosiy mavzularidan. Ishtirokchilar qurollanish ustidan nazorat hamda mudofaa sohasida hamkorlik masalalari ham muhokama qiladi.