Bank kassasiga xo‘jalik yurituvchi sub’ektlardan naqd pul mablag‘larini bevosita qabul qilganlik uchun bankka jarimalar qo‘llanilishi tartibi bekor qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, bank kassasiga xo‘jalik yurituvchi sub’ektlardan naqd pul mablag‘larini bevosita qabul qilganlik uchun bankka jarimalar qo‘llanilishi belgilangan edi.

Ushbu jarimaning miqdori har bir aniqlangan holat uchun bank ustav kapitalining belgilangan eng kam miqdorining 0,05 foizini tashkil etgan.

Mazkur tartibni bekor qilish bo‘yicha qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 30 oktyabrdagi prezident farmoni bilan tadbirkorlarga naqd pulni bank kassalariga inkassatsiya xizmatlari orqali yoki mustaqil ravishda topshirish huquqi berilgan edi.