8 fevral kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston tennis federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Konferensiya kun tartibidan o‘rin olgan eng asosiy masala federatsiyaga bosh kotib saylashdan iborat edi. Shuni inobatga olgan holda yig‘ilish ishtirokchilarga bugungi kunda O‘zbekiston ayollar terma jamoasi sardori sifatida faoliyat olib borayotgan Iroda To‘laganova nomzodi ilgari surildi. Yig‘ilish ishtirokchilari bir ovozdan ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlashdi. Shu tariqa, Iroda To‘laganova O‘zbekiston tennis federatsiyasi bosh kotibi lavozimiga saylandi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

«Avvalambor bildirilgan ishonch uchun minnatchilik bildirmoqchiman. Federatsiyamiz raisi, bosh kotibiga ham rahmat. Aynan ularning qo‘l ostida men Iroda To‘laganova sifatida tanilganman. Bungacha ular tomonidan katta hajmdagi ish olib borilgan. Menga ishonganingiz uchun rahmat. Federatsiyamiz rivojlanishi uchun qo‘ldan kelgan barcha ishni qilaman», — dedi Iroda To‘laganova.

Ma’lumot uchun, Iroda To‘laganova 1982 yilning 7 yanvarida tavallud topgan. Tennischilik faoliyati davomida yakkalik bahslarida 3 ta WTA, 3 ta ITF turnirlarida g‘alaba qozongan. Jahon reytingida 16-o‘ringacha ko‘tarilgan. «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni, «Shuhrat» medali sohibi.