Vazirlar Mahkamasining Andijon viloyatida ko‘chmas mulk obyektlari va yer uchastkalaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi “Huquqiy axborot” kanali orqali xabar berildi.

Qarorga muvofiq, Andijon viloyatidagi foydalanilmayotgan 135 ta davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari hamda uning umumiy maydoni 58,9 ming kv. metr bo‘lgan 20 ta yer uchastkalaridan kelgusida samarali foydalanish nazarda tutilgan.

Qarorda nazarda tutilgan ko‘chmas mulk ob’ektlari va yer uchastkalari tanlov o‘tkazilmasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri tadbirkorlik subyektlariga investitsiya va ijtimoiy majburiyatlar belgilangan holda, ularning faoliyat yo‘nalishini 30 yil mobaynida saqlash sharti bilan beriladi.

Davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog‘chalar bitim amal qiladigan butun muddat davomida tarbiyalanuvchilar umumiy sonining 25 foizini tashkil etadigan aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlarini, to‘lov miqdori tegishli hududdagi davlat bog‘chalari uchun belgilangan hajmlardan oshmaydigan shartlar asosida imtiyozli qabul qiladi.

Xususiy tibbiyot muassasalari shartnoma amal qiladigan muddat davomida davolanuvchilar umumiy sonining 25 foizini tashkil etadigan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatadi.

Nodavlat maktablar bitim amal qiladigan butun muddat davomida o‘quvchilarning 25 foizi ijtimoy ko‘makka muhtoj qatlamlarini imtiyozli ravishda o‘qitadi.