O‘zbekistonda OAV huquqlarini kafolatlash va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish uchun Media-ombudsman instituti ta’sis etiladi. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi matbuot xizmati xabar qildi.

Yangi tuzilma davlat idoralarining OAV faoliyatiga asossiz aralashuvidan ogohlantirish, OAV hamda davlat idoralari, jismoniy, yuridik shaxslar o‘rtasidagi nizoli holatlarni hal qilish bilan shug‘ullanadi.

Media-ombudsman OAV tomonidan davlatning amaldagi qonunchiligiga, jumladan, axborot sohasiga oid qonun hujjatlariga rioya etilishini ham nazorat qiladi.

«Axborot iste’molchilari va OAV bilan ishlash imkonini beruvchi Media-ombudsman institutining ta’sis etilishi jurnalistlarimizning huquqiy madaniyati va etikasini mustahkamlashga xizmat qiladi, deb umid qilamiz», — deyiladi xabarda.

Media-ombudsman instituti Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi qoshida tashkil etiladi, hozirda tegishli normativ hujjatlar loyihasi ishlab chiqilmoqda, deya aniqlik kiritdi agentlik vakili «Gazeta.uz"ga. Hujjatni 1 iyungacha tayyorlash rejalashtirilmoqda.