Birlashgan Arab Amirliklari investorlari Mo‘ynoqda o‘yin zonasini tashkil etishni taklif qildi, deya xabar berdi «Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi.

Vazirlar Mahkamasining 16 yanvardagi qarorida «safari-roud» uchun trassa qurish, Rally Muynak musobaqasi, xalqaro gastronomik festivallar o‘tkazish, hunarmandlar xiyobonini tashkil etish, tibbiyot va ziyorat turizmini rivojlantirish taklif etilgan edi.

Bundan tashqari, tegishli vazirlik va idoralar, jumladan Bosh prokuraturaga Mo‘ynoqni investitsiyalar, texnologiyalar va innovatsiyalar markaziga aylantirish uchun barcha zarur infratuzilmalarni yaratish uchun tumanning geografik joylashuvi va iqlim sharoitlariga e’tibor qaratish topshirilgan. Hujjatda innovatsion maktab, sport inshootlari, davolash-profilaktika muassasalari, zamonaviy aeroport, mehmonxonalar, savdo-ko‘ngilochar majmualar, «selfi"-ob’ektlar, optik tolali internet va IP-televideniyeni o‘z ichiga olgan zamonaviy shaharchani bunyod etish ko‘zda tutilgan.

Bosh prokuraturaning jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Surayyo Rahmonovaning «Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, investorlar Mo‘ynoqni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, jumladan kazino qurish bo‘yicha turli loyihalarni taklif qilmoqda. Bosh prokuratura boshqa idora va vazirliklar bilan barcha takliflarni hamda ularni amalga oshirish aspektlarini o‘rganmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston hududida Vazirlar Mahkamasining 2007 yildagi qarori bilan qimor va boshqa riskli o‘yinlar, jumladan totalizatorlarni tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek pul yutuqli o‘yin avtomatlarini olib kirish taqiqlangan.