O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Hujjatga muvofiq, O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi negizida O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligi tashkil etildi.

Vazirlik avtomobil, temir yo‘l, havo, daryo transportlari, metropoliten, shuningdek, yo‘l xo‘jaligini rivojlantirish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha davlat boshqaruvi organi hisoblanishi;

Vazirlik transport va yo‘l xo‘jaligi sohasidagi tashkilotlar faoliyatini normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish, litsenziya va ruxsatnomalar berish, sertifikatlashtirish, samarali texnik va tarif siyosatini amalga oshirish yo‘li orqali davlat tomonidan tartibga solish vazifasini amalga oshirishi;

Vazirlik tomonidan o‘z vakolati doirasida qabul qilingan qarorlarning ijrosi davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar uchun majburiy hisoblanishi belgilab qo‘yildi.

Farmonga muvofiq Toshkent shahar Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish departamenti tugatildi.

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining quyidagi sohalardagi:

kemalarni ro‘yxatga olish (qayta ro‘yxatga olish), kemalarni qurish, foydalanish, qayta jihozlash va ta’mirlashga guvohnomalar berish;

kemalarga kema guvohnomasi va biletlari, tasniflash guvohnomalari, suzish uchun muvofiqlik guvohnomalari va kemasozlikni tartibga soluvchi qoidalarda nazarda tutilgan boshqa hujjatlarni berish kabi vazifa, funksiya va vakolatlar vazirlikka o‘tkazildi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatining quyidagi sohalardagi:

temir yo‘l transportini rivojlantirishning davlat dasturlarini ishlab chiqish, temir yo‘l transporti istiqbolli prognozlari, rivojlantirish va ob’ektlarni joylashtirish sxemalarini ishlab chiqish;

temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish sohasida tarif va tranzit siyosatni amalga oshirish, temir yo‘l transportining o‘tkazish va tashish qobiliyatini oshirish, temir yo‘l transporti xizmatlari bozorini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish;

sanoat korxonalari harakatdagi tarkiblarining umumiy foydalanishdagi temir yo‘llariga chiqishi uchun ruxsatnomalar berish;

temir yo‘l yo‘laklari, shuningdek, vagon va konteynerlarni yuklash, tushirish va tozalashga mo‘ljallangan uskunalarni qurish va ta’mirlash loyihalarini kelishish kabi vazifa, funksiya va vakolatlar ham vazirlikka o‘tkazildi.

Bundan tashqari, boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 15 nafardan tashkil topgan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi tashkil etiladi.