O‘zbekiston prezidenti 1 fevral kuni yangi tuzilgan Energetika vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Avvalroq biz Alisher Sultonov yangi vazirlikka rahbar etib tayinlangani haqida xabar bergan edik.

Hujjatga muvofiq, 1 martga qadar Jahon banki texnik ko‘magida elektr energetika tarmog‘ini isloh qilish (restrukturizatsiya) modellari ishlab chiqilishi va taklif etilayotgan islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha batafsil «yo‘l xaritasi"ni tayyorlanishi lozim.

15 martgacha vazirlik elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotishni tashkil qilishning zamonaviy sxemasiga muvofiq O‘zbekiston prezidentining «O‘zbekenergo» AJni restrukturizatsiya qilish to‘g‘risidagi qarori loyihasini kiritishi belgilandi.

1 aprelgacha boshqaruvning samarasiz tuzilmalarini maqbullashtirish, neft va gaz sohasi korxonalarini faoliyat yo‘nalishidan kelib chiqib qayta tashkil qilish, ularni rivojlantirishga xususiy hamda xorijiy, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida jalb qilishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston prezidentining «O‘zbekneftgaz» AJni restrukturizatsiya qilish to‘g‘risidagi qarori loyihasi tayyorlanishi lozim.

«O‘zbekneftgaz» AJ va «O‘zbekenergo» AJni restrukturizatsiya qilishda magistral gaz-transport tizimi va magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish hamda ularni rivojlantirish bo‘yicha alohida davlat korxonalarini tashkil etishni nazarda tutiladi.

Bundan tashqari, 1 mayga qadar — prezidenti Administratsiyasiga Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini (QTEM) rivojlantirishning 2019−2023 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Unda quyidagilar o‘z aksini topadi:

  • QTEMni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha kompleks yondashuv va strategik vazifalar;
  • QTEMdan foydalanish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish;
  • zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda, sanoat va ekologik xavfsizlikning yuqori darajasini ta’minlaydigan QTEM ob’ektlari hamda tegishli infratuzilmani barpo etish;
  • O‘zbekiston va xorijiy oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, QTEM sohasidagi yetakchi xorijiy kompaniyalarda ularning stajirovkasini tashkil qilish.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda «O‘zbekneftgaz"ning mahsulotlar taqsimotiga oid amalga oshirilayotgan bitimlar bo‘yicha funksiyalari vazirlikka o‘tkaziladi.

Davlat yoqilg‘i-energetika kompaniyalarini to‘liq qayta tashkil etish to‘g‘risida prezident 2018 yil dekabrida parlamentga murojaatnomasida ma’lum qilgan edi. «Yoqilg‘i-energetika, neft-gaz, kimyo, transport va bank sohalarida davlat ishtiroki yuqori darajada saqlanib qolayotgani ularni bozor mexanizmlari asosida rivojlantirish, investitsiyalar jalb etishga to‘sqinlik qilmoqda», — degan edi prezident.