Prezident Shavkat Mirziyoyev «Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Farmon bilan quyidagilar tashkil etildi:

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi negizida Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi;

Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi;

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markazi.

Agentlikning asosiy vazifasi, jumladan mamlakatni ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy rivojlantirishda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirishdir.

Agentlik fonogrammalar va audiovizual asarlarni tarqatishda mualliflik huquqlari sohasidagi qonunchilikka rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.

Ilgari bu nazoratni Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi amalga oshirgan.