O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi «Maktablarda zo‘ravonlikni oldini olish va ijobiy psixologiyani o‘qitish metodikasi» loyihasi amalga oshirishni boshladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha maktablarda o‘quvchilarning emotsional holatini aniqlash va pozitiv psixologiya metodini o‘qitish orqali bullingni oldini olish va unga qarshilikni oshirishga qaratilgan.

Mazkur besh oylik loyihani amalga oshirishda AQSHlik professor Lori Vulf ishtirok etadi. Professor Lori Vulf AQSHda ijobiy psixologiya sohasi mutaxassisi, bir qator ilmiy nashrlar va professional taqdimotlar muallifi. Vulf xonim bolalar va o‘qituvchilar o‘rtasida stressni boshqarish sohasida, shuningdek, bolalarda stress holatini aniqlashga ixtisoslashgan ekspert. Lori Vulf AQSHning turli ta’lim muassasalarida faoliyat yuritgan.

Maktabda ta’lim oladigan bolalar va o‘smirlar turli inqirozli vaziyatlarga duch kelishadi. Bu esa dadil fikrlashga va harakatlanishga ziddiyatlar olib kelishi mumkin. Loyihaning asosiy e’tibori yurtimizdagi maktab psixologlariga ruhiy tushkunlikka tushgan bolalarni aniqlash, shuningdek, o‘qituvchi va psixologlar uchun trening va mashg‘ulotlar orqali stressni yengib o‘tishiga ko‘mak berishga qaratiladi. Shu bilan birga, loyiha o‘qituvchilarga ham stress va ishdan «sovish» holatlarini oldini olishda yordam beradi.

Loyiha Toshkent shahridagi 241-, 64-, 133-, 324-umumiy o‘rta ta’lim maktablarini qamrab oladi. Ushbu maktab o‘qituvchilari hamda psixologlari bullingni oldini olish va ijobiy psixologiya metodi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallaydi.

Mazkur loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, ijobiy psixologiyani o‘qitish metodikasini Xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimiga ham joriy etish rejalashtirilgan.

Xalq ta’limi tizimiga oid so‘ngi yangiliklar bilan vazirlikning telegram kanali orqali ham tanishib borishingiz mumkin.