Chortoq tumanida 18 yanvar kuni bedarak yo‘qolgan 30 yoshli erkak kishi — K.D.ning jasadi 27 yanvar kuni To‘raqo‘rg‘on tumani hududidan oqib o‘tgan «Shimoliy Farg‘ona kanali"dan ko‘rpa va polietilen selofanga o‘ralgan holatda tan jarohatlari bilan topilgan. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Mазкuр holat yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshirish davomida K.D. turmush o‘rtog‘i Yu.N. bilan yaqin qarindoshi — amakisining o‘g‘li K.V. (1992 y. t.) bilan o‘zaro ishqiy munosabatda bo‘lib kelganidan shubhalanib, u bilan o‘zaro janjallashib kelgan. D.K. 18 yanvar kuni uyida mast holatda turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro janjallashgan.

Bundan habar topgan V.K. telefon orqali D.K.ni Chortoq tumani Oqterak MFYdagi uyiga chaqiradi. Soat 21.30 larda D.K. yaqin qarindoshi bo‘lgan amakisi K.X.ning uyiga kelib, turmush o‘rtog‘i va V.K. o‘rtasidagi ishqiy munosabatlarni muhokama qilayotgan vaqtida V.K.ning xolavachchasi M.T. orqadan kelib, temir bolta bilan D.K.ning boshiga bir marta uradi. D.K. muvozanatini yo‘qotgandan so‘ng X.K. boltani olib, D.K.ning boshiga bolta bilan 2 marta uradi. D.K. yerga yiqilgandan so‘ng esa V.K. kelib D.K.ni bosh qismiga qasddan tepadi. Natijada D.K. voqea joyida vafot etgan.

Shundan so‘ng, V.K. va M.T. jinoyat izlarini yashirish maqsadida D.K.ning jasadini ko‘rpaga va polietilen selofanga o‘rab, otasiga tegishli «Lasetti» rusumli avtomashina yukxonasiga joylab, Namangan shahar Mashad MFY hududidan oqib o‘tgan «Shimoliy Farg‘ona kanali"ga tashlab yuborishadi.

Qotillik quroli bo‘lmish temir boltani esa Chortoq tumani Gulshan MFY hududidan oqib o‘tgan «Chortoq soy» arig‘i qirg‘og‘iga tashlab yuborishadi.

Mazkur holat yuzasidan 26 yanvar kuni tuman prokuraturasi tomonidan V.K., X.K. va M.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «p» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. X.K. va M.T. gumon qilinuvchi tariqasida ishga jalb qilinib, ushlangan. 28 yanvar kuni esa ular jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb etilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

V.K. tergovdan yashirinib Qozog‘istonga marxum D.K.ning turmush o‘rtog‘i N.Yu. bilan birgalikda qochib ketgani sababli 28 yanavr kuni unga nisbatan qidiruv e’lon qilindi.

Hozirda jinoyat ishi viloyat prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi ish yurituviga olindi. Jinoyat ishi bo‘yicha tergov Bosh prokuratura nazoratiga olindi.