Toshkent viloyatida 2018 yilda 40 ta oilaviy mehmon uylari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, joriy yilda ular sonini 300 taga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkent viloyati Turizmni rivojlantirish departamenti bo‘lim boshlig‘i Ma’ruf Barakayev O‘zAda e’lon qilingan maqolasida aytib o‘tgan.

O‘zbekistonda turizm faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun taqdim etilayotgan imkoniyat va imtiyozlar turizm infratuzilmasini yaxshilashga xizmat qilayotir. Jumladan, sohada bir qadar yangi yo‘nalish — oilaviy mehmon uylari tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor tufayli turizmning mazkur yo‘nalishi jadal rivojlanmoqda. O‘tgan yili birgina Bo‘stonliq tumanida 20 ta oilaviy mehmon uyi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani fikrimiz tasdig‘idir.

Oilaviy mehmon uylari sayyohlar, ayniqsa, chet ellik sayyohlar e’tiborini ko‘proq tortishi, nisbatan kamxarjligi va boshqa shu kabi qulayliklari bilan ajralib turadi. Milliy urf-odat va qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilish, qishloq joylarda tadbirkorlik madaniyatini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va, asosiysi, turizmni jadal taraqqiy ettirishda muhim o‘rni tutadi.

Ayni paytda viloyatda sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, oilaviy mehmon uylari va qishloqqa kelgan mehmonlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lami kengaytirilib, hududlardagi ziyoratgoh va muqaddas qadamjolar, tabiatning so‘lim go‘shalariga mehmonlar sayrlari uyushtirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 5 yanvardagi «Turizm tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori bu boradagi ishlar rivojida yana bir muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Xususan, mazkur qarorda har yili xostellar va mehmon uylarini tashkil qilish dasturini tasdiqlash, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan birgalikda shaharlar va aholi punktlarini rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda respublikaning har bir yirik shahrida xostellar va mehmon uylari tarmog‘ining mavjud bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilandi. Shuningdek, zamonaviy sanitar-gigiyenik shoxobchalarni qurish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Bu borada Toshkent viloyatining barcha tuman va shaharlari, ayniqsa, turistlar ko‘p tashrif buyuradigan hududlardagi turistik ob’ektlarning sanitariya-gigiyenik shoxobchalari holati o‘rganildi.

O‘rganish jarayonida hududlar bosqichma-bosqich xatlovdan o‘tkazilib, hokimliklar va mutasaddi tashkilotlarga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha taqdimnoma kiritildi. Natijada 60 dan ortiq madaniy meros obidasi, ziyoratgoh va qadamjo obodonlashtirildi. Jumladan, Ohangaron tumanidagi «Shoabdumalik ota» ziyoratgohi, Piskent tumanidagi «Parpi ota» ziyoratgohida zamonaviy sanitariya-gigiyenik shoxobchalar qurilib, barcha zarur sharoit yaratildi. Yana 9 ob’ektni ta’mirlash va konservatsiya qilish uchun 3 milliard so‘m ajratildi.