Joriy yilning 16−23 yanvar kunlari Hindistonning Kalkutta shahrida an’anaviy karate bo‘yicha o‘tgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi 11 oltin, 9 kumush, 7 bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida terma jamoani vazirlik va idoralar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, sport muxlislari tantanali ravishda kutib oldi.

Hindistonda o‘tgan nufuzli musobaqada qit’aning 11 davlatidan kelgan karatechilar sovrinli o‘rinlar uchun bahslashdi. Unda ishtirok etgan Jahongir Abduvahobov, Muzaffar Hojiyev, Hojiahror Ibrohimov, Mehrojiddin Jalolov, Umarxon Muhammadiyev, Sanjar Ulashev, Omina Sulaymonova o‘z vazn va yo‘nalishlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Toshtemir Po‘latov va Nodirxon Soliyev ikki yo‘nalish bo‘yicha oltin medalga ega bo‘ldi.