O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Toshkent xalqaro arbitraj markazi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu prezidentning 2018 yil 6 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzurida Toshkent xalqaro arbitraj markazini (TIAC) tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori asosida amalga oshirildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Markazning asosiy maqsadi nizolarni arbitraj orqali hal etishning zamonaviy va xalqaro standartlarga asoslangan mexanizmlarini shakllantirish hisoblanadi. Shu bilan bir qatorda Toshkent xalqaro arbitraj markazi yetakchi xorijiy arbitrajlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, xalqaro arbitraj orqali nizolarni hal etish sohasida tajriba almashadi. Faoliyati davomida mavjud nizolarni hal etish uchun xorijiy arbitrlar jalb qilinib, xalqaro arbitraj, jumladan, investitsiyalar bilan bog‘liq nizolarni suddan tashqari hal etish sohasida mutaxassislar tayyorlaydi.

Xalqaro arbitraj markazi mahalliy va xorijiy xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar, xususan, xorijiy investorlarga investitsiya bilan bog‘liq, shu jumladan, tomonlardan biri davlat bo‘lgan nizolarning vujudga kelishining oldini olish sohasida konsultatsiya xizmatlarini ko‘rsatadi.