Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi «Qoraqalpog‘iston» temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan yo‘lovchi poyezdida mamlakatimizga kirib kelgan fuqaro T.J. ning qo‘l yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, ushbu shaxs yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd qilinmagan, hech qanday hujjatlarsiz jami 1425 dona «Fenazepam» psixotrop moddalari borligi aniqlandi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Hozirgi vaqtda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 12 noyabrda qabul qilingan «Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida o‘tkazish tartibini, shuningdek ularning muomalada bo‘lishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarori bilan bojxona chegarasidan olib o‘tilishi, muomalaga kiritilishi taqiqlangan va cheklangan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar ro‘yxati tasdiqlangan.

Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanishi uchun psixotrop moddalarni davolash kursi doirasida olib kirish va olib chiqilishiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ruxsat beriladi.