15 yanvar kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligida jahon chempionatlaoida sovrindor bo‘lgan sportchilarimiz hamda ularning trenerlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Eslatish o‘rinli, olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha 2018 yilda o‘tkazilgan jahon chempionatlarida sovrinli o‘rinlarni egallagan bir guruh sportchilar va ularning trenerlarini har biriga bir martalik pul mukofoti ajratish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishlari qabul qilingan edi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, sportchilar, murabbiylar, sport jamoatchiligi va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Dastlab Abdujabbor Abduvohidov O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan 2019 yil 3 yanvar kuni imzolangan «Jahon chempionatida yuqori natijalarga erishgan sportchilarni taqdirlash to‘g‘risida"gi farmoyishni o‘qib eshittirdi.

Farmoyishga ko‘ra, jahon chempionatining oltin medali sohiblari 12000, kumush medal sovrindorlari 6000, bronza medaliga ega chiqqan sportchilar esa 3000 AQSH dollari miqdoridagi mukofot puli bilan birma-bir taqdirlanishdi. O‘z navbatida Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga asosan shogirdi chempion bo‘lgan murabbiyga 6000, vitse-chempionlarni yetishtirib chiqargan murabbiylarga 3000 va shogirdi bronza medalga ega chiqqan murabbiylariga esa 1500 AQSH dollari miqdoridagi mukofot puli topshirildi.

Shuningdek, tadbirda 1−10 noyabr kunlari kattalar o‘rtasida Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida 102 kilogrammgacha vazn toifasida dast ko‘tarishda jahon rekordini yangilab, oltin medal bilan taqdirlangan, yoshlar o‘rtasida jahon va Osiyo chempionatlarida muvafaqqiyat qozongan, 2018 yilda «Yilning eng yaxshi sportchisi» O‘zbekiston Milliy kubogi sohibi deb topilgan Akbar Jo‘rayevga belgilangan namunadagi guvohnoma hamda 10 000 (o‘n ming) AQSH dollari miqdoridagi pul mablag‘i bilan taqdirlandi.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev, yunon-rum kurashchisi Elmurat Tasmuradov, og‘ir atletika bo‘yicha murabbiy Farhod Mirzajanov so‘zga chiqishdi.

Ma’lumot uchun, olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan yunon-rum kurashi va erkin kurash sport turlari bo‘yicha 2018 yilning 20−28 oktabr kunlari Vengriya poytaxti Budapesht shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida Elmurat Tasmuratov -63 kg vazn toifasida kumush medalni va Bekzod Abdurahmonov -74 kg vazn toifasida bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.

2018 yilning 1−10 noyabr kunlari Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida o‘tkazilgan og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatida esa Akbar Jo‘rayev (-102 kg) oltin, Doston Yoqubov (-67 kg) kumush, Ruslan Nurudinov (-109 kg) bronza va Rustam Jangabayev (-109 kg) ikkita bronza (siltab ko‘tarish va ikki kurash bahslarida) medaliga sazovor bo‘lgan edi.