O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda OPASCA German Oncology Solutions GmbH tomonidan 50 million yevro qiymatidagi eng so‘nggi texnologiya va jihozlar bilan ta’minlangan, zamonaviy klinika bunyod etish hamda Germaniyaning nufuzli Manheym universiteti klinikasi bilan o‘zbekistonlik mutaxassislarni tayyorlash loyihasini amalga oshirish yuzasidan kelishuv imzolandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

— Endilikda o‘ta og‘ir, murakkab va gumonli holatlarga ham aniq tashxis qo‘yish va samarali davolash imkoni yuzaga keladi. Eng muhimi, ushbu zamonaviy shifoxonada germaniyalik yetakchi mutaxassis va olimlar doimiy asosda ishlaydi, — deydi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov. — Bundan tashqari, Manheym universiteti klinikasi professorlari tomonidan o‘zbekistonlik mutaxassislarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Shu tariqa O‘zbekiston tarixida birinchi marotaba tibbiyotning barcha yunalishlari bo‘yicha Germaniyaning eng ilg‘or tibbiyot markazida o‘zbekistonlik mutaxassislarni muntazam tayyorlash hamda malaka oshirish tizimiga asos solindi.