Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida velosportning trek yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Kecha o‘smirlar o‘rtasidagi bellashuvlarda o‘zbekistonlik Yanina Kuskova guruh bahslari saralashida ishtirok etdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra Gonkong vakilasi S.Li birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Kumush medalga esa 8 ochko jamg‘argan Yanina Kuskova sazovor bo‘ldi. Uchinchi o‘rinni egallagan qozog‘istonlik Elvira Xamzina ham 8 ochko to‘pladi. O‘zbekistonlik velosportchi bugun yakkalik poygalarida ham medal uchun kurashga chiqadi. Kuskova 3−4-o‘rinlar uchun hindistonlik sportchi bilan bellashadi.

Shuningdek, Murod Xolmurodov ham omnium yo‘nalishidagi poygada qatnashadi. Avvalroq guruh poygalarining «Point Race» yo‘nalishida oltin medalni qo‘lga kiritgan Olga Zabelinskaya yakkalik bahslarida 1−2-o‘rinlar uchun startga chiqadi.