2 yanvar kuni Janubiy Koreyaning Yongnam shahridagi DHMC zavodida ishlagan O‘zbekiston fuqarosi Sharofiddin Choriyev (1995 y. t.) bosh miya jarohatidan vafot etdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi ma’lumotiga tayanib xabar qildi.

The Korea Times gazetasining yozishicha, hodisa o‘tgan chorshanba kuni kechqurun kemasozlik zavodida sodir bo‘lgan. Mahalliy politsiya ma’lumotiga ko‘ra, qurilayotgan kema korpusining orqa qismiga payvandlangan 200 kilogramlik metal to‘sin tushib ketib, ishchining boshiga urilgan.

TIVning qayd etishicha, Sharofiddin Choriyev Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi migratsiya masalalari bo‘yicha agentligi orqali Koreya Respublikasiga ketgan.

Ayni vaqtda sud-tibbiy ekspertiza bo‘yicha tadbirlar olib borilmoqda. O‘zbekiston elchixonasi marhumning jasadini vataniga jo‘natish uchun o‘limni rasmiylashtirishda ko‘maklashmoqda.