Yilning to‘qqiz oyi davomida O‘zbekistonga 3,8 mlrd dollardan ortiq pul mablag‘lari yuborildi. O‘zbekiston Markaziy bankining to‘lov balansi, xalqaro investitsion pozitsiya va tashqi qarzlar to‘g‘risidagi hisoboti bunga guvohlik bermoqda.

Mazkur mablag‘larning 85 foizdan ortiqrog‘i — 3,26 mlrd dollari MDH davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Jumladan, Rossiyadan 2,96 mlrd dollar o‘tkazilgan. Qozog‘istondan — 247,1 mln dollar, Qirg‘izistondan — 23,8 mln dollar yuborilgan.

Ukrainadan esa 10 mln, Tojikistondan — 7,1 mln, Belarusdan — 4,2 mln, Ozarbayjondan — 2,5 mln, Armanistondan — 800 ming va Turkmanistondan — 700 ming dollar o‘tkazilgan.

Bir muncha ko‘proq pul yuborilgan davlatlar qatorida quyidagilar o‘rin olgan: AQSH — 138,3 mln, Turkiya — 154,9 mln, Janubiy Koreya — 77,1 mln, Isroil — 39,4 mln va Birlashgan Arab Amirliklaridan — 25,1 mln dollar yuborilgan. Xitoy va Germaniyadan mos ravishda 9 va 8,6 mln dollar.

O‘zbekiston aholisi mamlakat tashqarisiga yilning birinchi to‘qqiz oyida 638,8 mln dollar yuborgan bo‘lsa, uning 64 foizi MDH davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, Rossiyaga 301 mln dollar yuborilgan. Qozog‘iston va Qirg‘izistonga mos ravishda 50,5 va 20,3 mln dollar yuborilgan. Ukrainada esa O‘zbekistondan 17,1 mln dollar qabul qilib olingan.

Qariyb 230 mln dollar O‘zbekistondan uzoq xorij davlatlariga, eng ko‘p Turkiyaga — 88,3 mln dollar yuborilgan. Xitoyga O‘zbekiston fuqarolaridan 47,8 mln, AQSHga — 12,5 mln, Litvaga — 10 mln dollar o‘tkazilgan.