Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar natijasida O‘zbekiston hududiga noqonuniy yo‘llar bilan sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan tibbiyot asbob-uskunalari hamda nooziq-ovqat mahsulotlari olib kirilishining oldi olindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan yo‘lovchi poyezdining vagoni bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, fuqaro E.R. tomonidan bojxona nazoratidan yashirilgan qiymati 5 million so‘mdan ortiq bo‘lgan 7 xil turdagi 18 dona bolalar uchun tibbiyot anjomlar to‘plamlarini noqonuniy ravishda O‘zbekiston hududiga olib kirmoqchi bo‘lgan vaqtda to‘xtatib qolingan.

Bundan tashqari, ushbu poyezdda kelayotgan fuqaro A.T. tomonidan bojxona to‘lovlaridan qochish maqsadida ushbu poyezdning 6, 11, 12, 13-sonli vagon yo‘lovchilariga tarqatilgan jami qiymati 34 million so‘mdan ortiq bo‘lgan 9 xil turdagi jami 88 dona bolalar uchun tibbiyot anjomlar to‘plamlari va 20 dona quloqchinlarni noqonuniy ravishda O‘zbekiston hududiga olib kirishga bo‘lgan urinishi fosh etildi.

Olib borilgan tezkor tadbirlar davomida jami qiymati 40 million so‘mlik sifati kafolatlanmagan tibbiyot uskunalarining noqonuniy ravishda olib kirilishi to‘xtatilib, ashyoviy dalil tariqasida olib qo‘yildi.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.